Bosh sahifa Jahon Moskvada «Tez yordam» mashinasi oynasi sindirilib, haydovchi kaltaklandi... Shifokorlarga munosabat o‘zgaradimi?
Jahon

Moskvada «Tez yordam» mashinasi oynasi sindirilib, haydovchi kaltaklandi... Shifokorlarga munosabat o‘zgaradimi?

  • 05.02.2020 / 09:05
  • 813
  • 0
111

Endi bir boshdan.

O‘tgan yilning 29 noyabr kuni qoq peshinda Quva tumani «Tez tibbiy yordam» bo‘limiga (TTYOB) Yu.Olim degan shaxs (1966 y. t. sudlangan)  kelib, xotini va farzandining mazasi qochib qolgani, zudlikda yordam ko‘rsatish kerakligini aytadi. Yu.Olim spirtli ichimlik ta’sirida edi, biroq «Tez yordam»dagilar murojaatchining hushyor yoki mast ekaniga qarab harakat qilisharmidi?!

Darhol  Yu.Olim bilan birga yo‘lga tushildi.

Aytilgan manzilga kelinsaki, xonadon qulf ekan! Holat shubhalimi? Balli. Shu bois TTYOB shifokori T.Muhabbat (ism-shariflar o‘zgartirildi) ichkariga yolg‘iz emas, haydovchi I.Ikrom bilan birga kirajagini aytadi. Biroq bunga Yu.Olim rozi bo‘lmaydi: shofyoring kirmaydi, bir o‘zing kirasan!

Shifokorning shubhasi haydovchiga ham o‘tdi: bir emas, ikkita kasal bor deyilayotgan xonadon qulf, ustiga ustak, ichkariga faqat shifokorning o‘zigina kirishi talab qilinmoqda?!

Haydovchi mashinadan tushadi: do‘xtir bilan birga kiraman!

Yana rad javobi yangraydi: yo‘-o‘q, sen kirmaysan, do‘xtirning bir o‘zi...

Vaziyat qanchalar shubhali va tarang bo‘lmasin, shundayam shifokor murosaga boradi: xo‘p, mayli, haydovchi ichkariga kirmaydi, qo‘shnilardan birortasini chaqiraylik, ular hamroh bo‘lsin menga...

Biroq qo‘shnini chaqirishga ulgurmaydi. Shifokor yolg‘iz ichkariga kiritilmaganidan jazavaga tushgan Yu.Olim  avvaliga tosh bilan «Tez yordam» oynasini chil-chil sindiradi, kamiga haydovchining ham yuziga (tosh bilan) urib, hushidan ketkazadi...

...Keyinroq, holat yuzasidan surishtiruv ishlari o‘tkazilganda ma’lum bo‘ladiki, Yu.Olimning na xotini, na farzandining mazasi qochgan,  o‘sha kuni uyida rostdan ham hech kim yo‘q, umr yo‘ldoshi bolalari bilan Andijonga — qarindoshining to‘yiga ketgan ekan...

«Tez tibbiy yordam»ga o‘z oyog‘i bilan borib, shifokorni uyiga chaqirishdan muddo ne edi? Xizmat mashinasiga zarar yetkazib, kamiga haydovchini tosh bilan urib, hushidan ayrigan Yu.Olimga qanday chora ko‘rildi?

Shu va shu kabi savollarga javob topmoq niyatida jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tuman sudiga murojaat qilindi.  Tuman jinoyat sudida bunday ish ko‘rilmagani ayon bo‘lgach, surishtiruvlar davom ettirildi. Ayon bo‘ldiki, Yu.Olimga nisbatan jinoyat emas, balki ma’muriy huquqbuzalikka oid ish qo‘zg‘atilgan ekan?! Ajab, yolg‘on ma’lumot berishdan tashqari, haydovchini haqoratlab, kamiga tosh urib, hushidan ketadigan darajada jarohat yetkazgan, ustiga ustak, davlat mulki bo‘lgan mashina oynasini chil-chil qilgan shaxs nahot jinoiy emas, ma’muriy javobgarlikka tortilsa?

Quva tuman ma’muriy sudi raisi Azizbek Jumayev (Yu.Olimga nisbatan qo‘zg‘atilgan) ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish sudga kelib tushganini tasdiqladi. Biroq «delo»ni prokuraturaga qaytarib yuboribdi.

Sabab?

Sud raisiga ko‘ra, ma’muriy huquqbuzarlikda ayblanayotgan shaxs xatti-harakatlarida jinoyatlar alomatlari bor degan xulosaga kelindi, asos shu.

Demak, «delo» suddan o‘tmagan, aksincha, sudda «sinibdi». Mavjud holatlarga qayta  surishtiruv va tergov jarayonida yanada oydinlik kiritilar, qolaversa, oldinda yana sud bo‘lishi ehtimoliyam katta. Endi bu yog‘i vaqt hukmidagi masala...  Shunday ekan, yozuvlarga nuqta qo‘ysakmi?

Yo‘q, til uchida turgan bir-ikki mulohazalarni aytmasak bo‘lmas.

Shifokorga  bo‘layotgan turli ko‘rinishdagi tajovuzlar ko‘payayotgani bor gap. Ozmuncha salomatlik posbonlari jabr chekdimi, chekmayaptimi? Birining burni singan, yana ko‘zidan mosuvo bo‘lgan... Tajovuzlarda hatto hamshira qizlar qochib qutulayotgani yo‘q. Biroq ularning muhofazasi, samarali himoyasi masalasining huquqiy asoslari hamon muallaq turibdi. Ildamlash kerakday...

Ikkinchidan, Yu.Olimga nisbatan ochilgan ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish suddan «sinib» qaytgani-ku, ko‘ngilda shubha ustiga shubha tug‘diradi. Ichki ishlar xodimi jiddiy  surishtiruv o‘tkazganmi o‘zi?  Yaqqol jinoyatga tortib turgan holatni «randalab-andavalab», «ma’muriy»ga aylantirishdan murod ne? Buning sababi pofessional salohiyatga borib taqaladimi yoki professional halollikka?! Hududda jinoyatchilikni kamaytirishga  sun’iy urinishning hosilasimikan bu yo?!

Xullas, savollar ko‘p. Ular orasidagi bittasi esa xayolda aylangani-aylangan: «Tez tibbiy yordam» shifokorini aldab uyga chaqirishdan asl maqsad nima edi? Hech kim yo‘q bo‘lgan xonadonga «yolg‘iz o‘zi kirsin», deya oyoq tirab olish-chi? Nima deyishniyam bilmaysan, kishi.  «Ichkari»da shifokor  sergo‘sht dimlama bilan mehmon qilinmas edi — shunisi aniq!

Shifokorlarga munosabat shu darajaga tushib qoldimi?!

(xabar.uz dan olindi)

Iqtibos, qiziqarli ovozli va media maqolalar - Telegram kanalimizda!

So'ngi Muharrir tanlovi Media Yangiliklar